Barcha nashrlar

Uzbekistan Airways bort jurnali · Bahor 2024

Chorsudan Parijgacha

Fashion-influenser, dizayner, stilist va oʻzbek choponining elchisi Nodira Abdurahmonova Chorsu bozoridan Parijdagi moda koʻrsatuvlarigacha qanday yoʻl bosgani va «Coco Chapan» unvonini qanday olgani haqida hikoya qiladi.

Chorsudan Parijgacha

Bolalik xotiralari

Bolaligim Angrendagi buvimning uyida oʻtganini eslayman. Uning milliy libosda tandir yonidagi qiyofasi bolaligimning eng yorqin xotirasi boʻlib qolgan. Aynan oʻshanda menda ilk bor hammaga oʻzbek ayoli qanchalik goʻzal ekanini koʻrsatish istagi paydo boʻldi. Bu fikr Xitoyda oʻqib yurgan paytimda, boshqa mamlakatlar vakillarini Oʻzbekistonning xon-atlasi va koloriti bilan hayratga solganimda toʻliq shakllandi.

Ikat choponda.
Ikat choponda.

Amerikani zabt etgan chopon

Dunyoni oʻzbek madaniyatining goʻzalligi bilan zabt etish orzusi Amerikada mustahkam oʻrnashdi. Oʻshanda universitet kampusida sayr qilib yurib, koʻchib ketishimdan oldin Chorsu bozoridan sotib olgan ikat choponimga notanish odamlarning hayratli nigohlarini sezardim.

AQShdagi yillar menda kiyim uslubini his qilishni rivojlantirdi: hamma ham kiyishga jurʼat etmaydigan narsalarni uygʻunlashtira olish. Obrazlarim yanada yorqinroq, hayotim esa qiziqarliroq boʻlib bordi.

Hamma yoʻllar Chorsuga olib boradi

Chorsu bozorida.
Chorsu bozorida.

2016-yilda Instagramda ilk sahifamni ochib, kundalik obrazlarim suratlarini joylay boshladim. Hayratlanarlisi, bu juda koʻp iliq fikrlarga sabab boʻldi. Shunda mening nigohim oʻquvchilarga qiziq ekanini angladim. Blog yuritish bilan birga xorijlik sayyohlar va yurtdoshlar uchun Chorsuga eksklyuziv sayrlar uyushtira boshladim.

Shu mashgʻulot tufayli Cartier zargarlik uyi vakillari bilan ishlash, ularga oʻzim biladigan Oʻzbekistonni koʻrsatish va mashhur britaniyalik rejissyorni suratga olish uchun chopon sotib olishga ilhomlantirish imkoniga ega boʻldim. Shu bilan birga, bu davrda stilist sifatida xizmat koʻrsatdim. Inson hayotida oʻzgarish istaganda, avvalo tashqi koʻrinishini oʻzgartiradi. Mijozlarim ham bundan mustasno emas edi.

«Qoʻrquv ortida doim oʻsish, orzular ortida esa bunyodkorlik va rivojlanish turadi».

Choponlar malikasi — «Coco Chapan»

Pokistonda yashash tajribasi ham foydali boʻldi. Bu mamlakat menga ajoyib tuyuldi: pokistonliklar oʻz oʻzligini saqlashni biladi. Ularni hamma joyda kiyimidan tanib olishadi. Men ham aynan shunga intildim: oʻzbeklarni ham bir qarashda tanib olishsin.

Pokistonda.
Pokistonda.

Toshkentga qaytgach, oldimga kimligimni aniqlash vazifasini qoʻydim. Bunda menga «Coco Chapan» unvonini bergan oʻquvchilarimning xizmati katta. Soʻnggi bir yarim yil ichida shu nom yozilgan 600 dan ortiq futbolka sotdim, ularni hozir butun dunyo qizlari kiyib yuribdi.

«Beqassam»: Toshkentdan Parijgacha

«Beqassam» — chopon sotuvchisi Xojiakbar Hoshimovga Chorsudan Parij podiumigacha yoʻl ochgan noyob loyiha. Men uni mashhur boʻlishidan ancha oldin tanirdim: blogimning ilk davrida hamkorlik qilganmiz. «Beqassam» brendining yaratilishi doʻstligimizni yanada mustahkamladi.

Soʻzana ustida.
Soʻzana ustida.

Uchinchi moda koʻrsatuvim Face of Uzbekistan tanlovi doirasida Xojiakbar bilan hamkorlikda oʻtdi. Loyiha tashkilotchilari aynan men oʻz kolleksiyamni podiumda taqdim etishimni istashdi. Ularning fikricha, ishlarim oʻzbekona koloritni oʻziga xos, qadrdon tarzda aks ettirgan. Albatta, bu soʻzlar hammasini toʻgʻri qilayotganimning tasdigʻi boʻldi.

Qoʻrquv — orzuga yoʻl

Ilk moda koʻrsatuvimni yozuvchi Abdulla Qodiriyning uyida oʻtkazganimni eslayman. Men uchun bu hayajonli voqea edi. Ichimda qoʻrquv bor edi: «Agar chiqmasa-chi?» Vaqt oʻtib tushundimki, qoʻrquv ortida doim oʻsish, orzular ortida esa bunyodkorlik va rivojlanish turadi.

Podiumda.
Podiumda.
Podiumda.
Podiumda.

Birinchi koʻrsatuvdan bir necha yil oʻtib Fransiyaning qoq markazida boʻlishimni va dizayner sifatida uchinchi moda koʻrsatuvimni oʻtkazishimni kim ham bilardi? Shou yopilishida koʻp yillar oldin chizgan rasmimni esladim: projektorlar nuri ostida turibman, qoʻlimda gul dastalari, hamma olqishlayapti. Qanday qilib orzularga ishonmaslik mumkin!

Ilk bor chop etilgan nashr: Uzbekistan Airways bort jurnali, Bahor 2024. Tarjima: nadi.uz.

Jurnalda

Jurnal sahifalari — chop etilganidek.

Keyingisi Coco Chapan: vintaj buyum qanday qilib modaga aylandi Visit Uzbekistan · 2025-yil 12-sentabr